Ko‘pgina tadbirkorlar foyda solig‘ini kamaytirish maqsadida buxgalterlariga savdo va foyda ko‘rsatkichlarini sun’iy ravishda pasaytirishni topshirishadi. Ya’ni, buxgalterga "foydani yarmi chiqadigan qilib ko'rsatilishi" haqida topshiriq beriladi. Ushbu yo‘l bilan soliqdan qochish osondek tuyulishi mumkin, lekin uzoq muddatda bu amaliyot jiddiy oqibatlarga olib kelishi aniq.
Misol sifatida, bir tadbirkor bir oy davomida 11 000 000 so‘mlik savdo amalga oshirdi va undan 1 000 000 so‘m foyda oldi. Foydaning 15%ini (150 000 so‘m) foyda solig‘i sifatida to‘lashi kerak.
Biroq, tadbirkor ushbu summani kamaytirib, atigi 75 000 so‘mlik soliq chiqadigan qilib ko‘rsatishni so‘raydi. Buxgalter foydani kamaytirish uchun amalda 10 000 000 so‘mlik tovarlarning qiymatini hisobotlarda noto'g'ri, ya’ni 10 500 000 so’m qilib aks ettirishga majbur bo‘ladi.
Bu nimaga olib keladi?
10 000 000 so’mlik tovarni 10 500 000 so’m qilib hisobotni yuboramiz. Vaqt o‘tishi bilan, 20 oy davomida bu orttirilib ko’rsatilgan 5% lik ortiqcha spisat qilingan tovar natijasida, ombor qoldiqlari sun’iy ravishda nolga tushadi, lekin sizda omborda 1 oylik savdo summasıga yaqin tovar turgan bo’ladi.
Agar soliq idorasi tekshirish o‘tkazsa va ombordagi tovar qoldiqlari hujjatlardagi ma’lumotlarga mos kelmasa, bu kompaniyaga katta jarimalar qo‘llanilishiga olib kelishi mumkin. Masalan, tekshiruvda aslida omborda 10 000 000 so‘mlik tovar turgani, lekin hujjatlarda ularning aks etmagani aniqlansa, soliq organlari 20% jarima solish huquqiga ega bo‘ladi va bundan tashqari qo‘shimcha soliqlar undirilishi mumkin.
Demak, foyda solig‘ini sun’iy ravishda kamaytirishga urinish kompaniyaning uzoq muddatli moliyaviy salomatligi va barqarorligiga tahdid soladi. Shu sababli, soliqlarni to‘g‘ri hisoblash va to‘lash kompaniyaning ishonchliligi va qonuniy faoliyati uchun juda muhimdir.
“Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi degani ham shu – foydangni yashirsang qoldiqlaring oshkor qiladi” Ashurov Baxtiyor Axadovich
“ASHUROVS BUSINESS ACADEMY”asoschisi